Ultimate magazine theme for WordPress.

Daraxtdagi sirli iz

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yashnobod tumani sudida fuqarolar D.Dodamatova va F.Avezovga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. 

Dastlabki tergov organi tomonidan uch nafar farzandning onasi Dilorom Dodamatova va Farhod Avezov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 198-moddasining 2-qismi bilan bilan ayblangan.

Bunga ularning Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek qo‘rg‘onidagi 16-uyning oldidagi ikki tub chinor daraxtini tegishli ruxsatsiz kesib, o‘simliklar dunyosiga ko‘p miqdorda moddiy zarar yetkazgani hamda yana bir tub daraxtni kesishga harakat qilgani sabab bo‘lgan.

Ayblovga Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining ikki tub chinorni noqonuniy kesish oqibatida 38 million 417 ming so‘mlik moddiy zarar yetkazilgani, agarda yana bir tub chinor kesilganda 14,8 million so‘mlik moddiy zarar yetkazilishi mumkinligi haqidagi xulosasi asos bo‘lgan.

Sudlanuvchi D.Dodamatova ko‘p qavatli uyda uy boshlig‘i bo‘lgani uchun F. Avezov unga murojaat qilib, ikki tub chinor o‘sib kanalizatsiya quvurini ko‘tarib yuborgani uchun uni kesishni so‘ragan. Uy boshlig‘i rozi bo‘lgach, chinorlar kesilgan. Buning evaziga olingan 500 ming so‘m pul mahallada Navro‘z bayramida halim qilish uchun ishlatilgan.

Sud jarayonida ayblanuvchilar daraxtni besabab kesmaganliklari, lekin shunga qaramay bundan pushaymon ekanliklarini bildirdi. Ammo ular boshqa yana bir daraxtni kesishga harakat qilmagani, unda hosil bo‘lgan kesilganga o‘xshagan izlar bir necha yil avval kir yoyish maqsadida bog‘langan sim tufayli hosil bo‘lganini ma’lum qilishdi.

Sudlanuvchilarning vajlarini tekshirish maqsadida sud ishni sayyor sud tartibida joyga chiqib atroflicha ko‘rib chiqdi.

Sudda guvohlar uy oldidagi kesilgan chinorlar ko‘p qavatli uy suvoqava quvurlarini bekitib qo‘ygani sababli kesilganini, bunga shu uyda yashovchilarning hech biri qarshi bo‘lmaganini, yana bir daraxtda hosil bo‘lgan izlar 20 yil oldin kir quritish maqsadida bog‘langan sim tufayli hosil bo‘lganini tasdiqladi.

Sud tarkibi va taraflar kesilishga harakat bo‘lgan, deb hisoblanayotgan daraxt diqqat bilan ko‘zdan kechirildi. Haqiqatan ham daraxtdagi izlar unga bog‘langan temir sim tufayli hosil bo‘lgani, simning ma’lum qismi hozir ham chiqib turgani, boshqa izlar yo‘qligi aniqlandi.

Bu holat sudlanuvchilarning ushbu daraxt kesilmagani va sudlanuvchilarga tergov organi tomonidan bu ayb taxminlarga asoslangan holda e’lon qilinganini ko‘rsatdi.

Qonunga zid ravishda ikki tub daraxtni kesishdan kelgan moddiy zarar summasi ko‘p miqdor bo‘lmasligi sababli bu holat Jinoyat kodeksining 198-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyat tarkibini tashkil etmaydi.

Sud barcha dalillarni to‘la va xolisona tekshirib sudlanuvchilarni aybsiz, deb topish, ya’ni oqlash hamda reabilitatsiya qilish haqida hukm chiqardi.

Shu bilan birga, sud D.Dodametova va F.Avezovlarni ma’muriy javobgarlikka tortish hamda yetkazilgan moddiy zararni undirish uchun tegishli hujjatlarni Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasiga yubordi.