Ultimate magazine theme for WordPress.

Davlat ekologiya qo‘mitasi inspektoriga pora taklif qilgan shaxs ushlandi

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha inspektsiya xodimlari Yangiyo‘l tumani hududida noqonuniy qum-shag‘al qazib olinayotganini aniqlashdi. Qonunchilikda belgilangan jarimalar rasmiylashtirilib, qum-shag‘al qazishga jalb etilgan texnikalarni olib qo‘yishdi.

Lekin ekoinspektorlar huzurida «X» ismli shaxs paydo bo‘lib, mazkur «biznes» unga tegishli ekani hamda shu ishni imi-jimida yopishni so‘raydi. Buning uchun 4 000 AQSh dollari miqdorida pora taklif qiladi.

Davlat ekologiya qo‘mitasi xodimlari bu taklif keskin rad etishadi va huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilishadi. «X» esa ularga yana boshqa yo‘llar bilan ta’sir o‘tkazishga harakat qiladi.

Natijada «X» ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat inspektoriga pora berishga urinayotganda Davlat xavfsizlik xizmati va Prokuratura departamenti xodimlari tomonidan voqea joyida qo‘lga olindi.

Hozirda ushbu holat yuzasidan tegishli idoralar tomonidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati