Ultimate magazine theme for WordPress.

Mamlakatimizga karantindagi zararli organizmlar kirib kelishi va tarqalishining oldi olinadi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi bilan hamkorlikda “O‘simliklar karantini sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish masalalari” mavzusidagi seminar tashkil etildi.

Tadbir O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi faoliyatiga oid ko‘rgazma bilan tanishishdan boshlandi. Unda ishtirokchilar o‘simliklarni labarotoriya tekshiruvlaridan o‘tkazish jihozlari, soha mutaxassislari uchun tayyorlanayotgan maxsus kiyim-bosh namunalari va boshqa texnikalar bilan yaqindan tanishdilar.

Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan 2017 yil 28 noyabrda birinchi o‘qishda qabul qilinib, hozirgi kunda ikkinchi o‘qishga tayyorlanayotgan “O‘simliklar karantini to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonuni loyihasiga keng jamoatchilik vakillari, mutaxassislar va saylovchilardan kelib tushgan taklif va tavsiyalar asosida muhokama qilishga bag‘ishlandi.

Seminarda asosiy e’tibor O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoni hamda 2018 yil 28 martdagi “O‘simliklar karantini bo‘yicha davlat xizmati faoliyatining samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori asosida belgilangan yangi vazifalar asosida qonun loyihasini takomillashtirishga qaratildi.

– Mamlakatimizda karantindagi zararli organizmlar O‘zbekiston hududiga kirib kelishi va tarqalishining oldini olishni ta’minlash, shuningdek, o‘simlik va meva-sabzavot mahsulotlari eksportini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, – deydi Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi a’zosi Shuxrat Yakubov. – Ayniqsa, Prezidentimiz tomonidan mazkur sohaga alohida e’tibor qaratilib, maxsus Farmon va qarorlarning qabul qilingani kelgusida mamlakatimizdan xorijiy davlatlarga qishloq xo‘jalik mahsulotlarini eksport qilishda ijobiy natijalar olib keladi.

Shu jihatdan qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlashda Farmon va Qarordagi yangi g‘oyalarni singdirishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.

Qolaversa, deputatlarning joylardagi uchrashuvlari, tadbirkorlik subyektlari, o‘simliklar karantini sohasi mutaxassislari bilan muloqotda mazkur qonun loyihasini takomillashtirish yuzasidan 100 dan ortiq taklif va tavsiyalar olindi. Ularni yana bir bor mutaxassislar bilan birga muhokama qilish, yangi tahrirda ishlab chiqilayotgan qonun loyihasida muhim takliflarni hisobga olishga jiddiy e’tibor qaratildi.

O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari Boqijon Murodovning qayd etishicha, xavfli zararkunandalardan respublika hududining ishonchli himoyasini ta’minlovchi ichki va tashqi o‘simliklar karantini bo‘yicha davlat tadbirlarining samarali tizimini yo‘lga qo‘yish hamda ularning mamlakat ichida tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik borasidagi ishlarni kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Respublika mintaqalarida hozirgi kunga qadar eksportga jo‘natiladigan hamda karantin zararkunandalari, o‘simliklar kasalliklari, begona o‘tlar tashuvchisi bo‘lishi mumkin bo‘lgan chet davlatlardan olib kiriladigan urug‘lar, o‘simliklar, o‘simlik mahsulotlari va boshqa materiallarni karantin tekshiruvi va ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha laboratoriyalar mavjud emas.

O‘simliklar karantini sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishning ta’sirchan tizimi mavjud emas, buning natijasida mutaxassislarning kasbiy mahoratlari, ularning ushbu sohadagi ish ko‘nikmalari oshirilishi ta’minlanmayapti. O‘simliklar karantini bo‘yicha davlat xizmati bo‘linmalarining zaif moddiy-texnika ta’minoti, ulardagi xodimlar, ayniqsa, joylarda ishlovchilarning karantin tadbirlarini o‘tkazish uchun zarur uskunalar bilan ta’minlanmagani hamda ularning moliyaviy va ijtimoiy ta’minoti yetarli darajada bo‘lmaganligi o‘zlariga yuklatilgan vazifa va majburiyatlarni samarali va sifatli bajarish imkonini bermaydi.

Seminarda yuqoridagi muammolarni hal etish yo‘llari, buning uchun qonun hujjatlarida aks etilishi lozim bo‘lgan normalar muhokama qilindi.

Tadbir yakunida “O‘simliklar karantini to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini yanada takomillashtirish, zamonaviy huquqiy mexanizmlarni qonuchilikda aks ettirishga doir taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.