Ultimate magazine theme for WordPress.

Shavkat Mirziyoyev: “Suvga bo‘lgan munosabat o‘zgarmas ekan, hosildorlikni oshirish haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas”

Prezidentimiz 2018-2019 yillarda Jizzax viloyatida irrigatsiya-melioratsiya Davlat dasturi asosida amalga oshiriladigan ishlar bilan tanishdi.

Mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Jizzax viloyatida ham foydalanilmay turgan yerlarni o‘zlashtirish hisobiga ekin maydonlarini kengaytirish va qishloq xo‘jaligidan olinadigan daromadlarni oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda joriy yildan boshlab Forish tumanidagi 20 ming gektar yerni suv bilan ta’minlash imkonini beradigan kanal va suv ombori qurilishiga kirishildi.

Davlatimiz rahbariga ushbu gidroinshootlarning loyihalari haqida ma’lumot berildi.
Hozirgi kungacha kanalning 10 kilometrga yaqin qismi zamonaviy texnologiyalar asosida qurilib, qirg‘oqlari betonlandi. Qolgan 8 kilometrdan ziyod qismi joriy yilning birinchi yarmida to‘liq tugallanishi rejalashtirilmoqda. Buning natijasida 2019 yilning kuzidan boshlab Forish tumanidagi o‘zlashtirilmagan maydonlar suv bilan ta’minlanadi. Suv yetib borgan yerlarda bog‘ va uzumzorlar barpo etiladi. Xususan, serdaromad bo‘lgan eksportbop yong‘oqzorlar tashkil etiladi, qizil lavlagi va boshqa ozuqabop ekinlar yetishtiriladi.

Viloyatda irrigatsiya-melioratsiya Davlat dasturiga muvofiq, joriy yilda suv inshootlarini rekonstruksiya qilish ishlariga 188,5 milliard so‘m mablag‘ sarflanib, 64,4 kilometrlik kanallar va 118,8 kilometr lotoklar mukammal ta’mirlanadi, 3 kilometr qirg‘oq mustahkamlanadi. 9,3 milliard so‘m evaziga 336 kilometr sug‘orish tarmoqlari, 541 dona gidrotexnik inshootlar, 50 dona nasos agregatlari va elektrodvigatellar, 35 ta sug‘orish qudug‘i, Suv iste’molchilari uyushmasi tasarrufidagi 1150 kilometr sug‘orish tarmoqlarida ta’mirlash va tiklash ishlari bajariladi.
Meliorativ inshootlarni ta’mirlashga qaratilgan 28 loyiha doirasida 156,2 kilometr kollektor-drenaj tarmog‘i, 188,9 kilometr yopiq va yotiq drenaj, 9 gidrotexnik inshoot rekonstruksiya qilinadi. Bu boradagi ishlar natijasida 94,6 ming gektar maydonning suv ta’minoti yaxshilanadi, 1,5 ming gektar lalmi yerlarda tomchilatib sug‘orish tizimini joriy etish imkoniyati yaratiladi.

– Qishloq xo‘jaligidagi islohotlar samarasi suvni isrof qilmaslik, undan to‘g‘ri foydalanishga bog‘liq, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Suvga bo‘lgan munosabat o‘zgarmas ekan, hosildorlikni oshirish haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Irrigatsiya va melioratsiya ishlarini bugungi kun talablari darajasida sifatli bajarish viloyatda hosildorlikni har yili 2-3 sentnerdan oshirib borish imkonini beradi.

Davlatimiz rahbari joriy yilda viloyatda 50 kilometr lotok tarmoqlarini qurish hamda salkam 57 kilometr uzunlikdagi lotoklarni ta’mirlash kerakligini ta’kidladi. Buning uchun zarur mablag‘lar ajratish yuzasidan mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Shu yerda “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Jizzax viloyatining Zomin va Zafarobod tumanlarida mikroGESlarni qurish va modernizatsiya qilish investitsiya loyihalari taqdimoti o‘tkazildi. Ushbu loyihalar samarasida viloyatda kichik GESlar tomonidan yillik elektr energiya ishlab chiqarish hajmini 17-18 million kilovat soatga yetkazishga erishiladi.